Sodiqlik dasturi qoidalari
SODIQLIK DASTURI QOIDALARI
«MAK FOOD SERVIS» MChJ
01.10.2026-yildagi tahrir
1. Umumiy qoidalar.
1.1. Mazkur Qoidalar «EVOS REWARDS» sodiqlik dasturida (keyingi o‘rinlarda — «EVOS» dasturi) ishtirok etish shartlari va tartibini belgilaydi.
Dasturda ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab Ishtirokchi Tarmoq operatori («MAK FOOD SERVIS» MChJ) bilan munosabatlarga kirishadi, mazkur Qoidalarni to‘liq va so‘zsiz qabul qiladi, ularga rioya etish majburiyatini oladi hamda mazkur Qoidalarga muvofiq Imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Qoidalar Tarmoq operatorining Saytida, «EVOS APP» mobil ilovasida va «Evos» TELEGRAM-botida, shuningdek Tarmoq operatorining ixtiyoriga ko‘ra boshqa manbalarda joylashtiriladi.
1.2. «EVOS» dasturi O‘zbekiston Respublikasi hududidagi «EVOS» tarmog‘i restoranlarida (keyingi o‘rinlarda — «EVOS» restoranlari), shuningdek EVOSning o‘z yetkazib berish xizmatida (hamkor — Best Delivery) amal qiladi.
1.3. «EVOS» dasturi ishga tushirilgan paytdan boshlab Tarmoq operatorining qaroriga ko‘ra u to‘liq bekor qilingunga qadar amal qiladi.
2. Atamalar va ta’riflar.
2.1. Tarmoq operatori — «MAK FOOD SERVIS» MChJ (O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, KXY 29A, STIR: 301 422 146, IFUT: 56100) bo‘lib, «EVOS» dasturini boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha mutlaq huquqlarga ega hamda «EVOS» dasturi Ishtirokchilariga mazkur Qoidalarda nazarda tutilgan Imtiyozlar taqdim etilishini ta’minlaydi.
2.2. Aksiya — muayyan vaqt davri va/yoki amal qilish hududi va/yoki Ishtirokchilar doirasiga mo‘ljallangan, Ishtirokchilarning «EVOS» dasturiga sodiqligini shakllantirish va oshirishga qaratilgan marketing tadbiridir. Aksiyani tashkil etish va o‘tkazish tashabbuskori Tarmoq operatori hisoblanadi.
2.3. Anketa — «EVOS» dasturi Ishtirokchisi bo‘lish istagidagi Mijoz to‘g‘risidagi, mazkur Qoidalarda nazarda tutilgan tartibda Dasturda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida Mijoz tomonidan kiritiladigan yoki taqdim etiladigan ma’lumotlar.
2.4. E-coins (keyingi o‘rinlarda — Ballar) — mazkur Qoidalarga muvofiq Tarmoq operatori va/yoki Hamkorlardan tovarlar va/yoki xizmatlar xarid qilganlik uchun, shuningdek Ishtirokchilar Tarmoq operatori tomonidan mustaqil ravishda yoki Hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilangan, Ballarni hisoblash uchun asos bo‘ladigan boshqa shartlarni bajargan taqdirda Ishtirokchining virtual kartasiga hisoblanadigan bonus hisob birliklari. Hisoblangan Ballar summasi Ishtirokchi tomonidan «EVOS» restoranlarida Tarmoq operatori va/yoki Hamkorlardan xarid qilinadigan tovarlar va/yoki xizmatlar uchun, shuningdek boshqa imtiyozlarni olish uchun ishlatilishi mumkin.
2.5. Mijoz — voyaga yetgan va muomala layoqatiga ega, biroq mazkur Qoidalarga muvofiq Dasturda ro‘yxatdan o‘tmagan har qanday jismoniy shaxs.
2.6. Ishtirokchi — voyaga yetgan va muomala layoqatiga ega, mazkur Qoidalarga muvofiq Dasturda ro‘yxatdan o‘tgan har qanday jismoniy shaxs.
2.7. Akkaunt — Ishtirokchining EVOS App mobil ilovasida, shuningdek EVOS telegram-botida mavjud bo‘lgan shaxsiy sahifasi bo‘lib, unda Ishtirokchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, Ishtirokchining jamg‘arilgan Ballari balansi, Karta yordamida amalga oshirgan Tranzaksiyalari, shuningdek shaxsiy aksiyalar va chegirmalar haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi.
2.8. «EVOS App» mobil ilovasi — IOS va Android platformalari asosidagi mobil qurilmaga (smartfon, planshet va h.k.) o‘rnatiladigan (yuklab olinadigan), mobil qurilmaning ishlashi uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar va buyruqlar majmuini o‘zida ifodalovchi «EVOS» dasturiy ta’minoti (keyingi o‘rinlarda — ilova).
2.9. «EVOS» restoranlar tarmog‘ining Ishonch telefoni (keyingi o‘rinlarda — Ishonch telefoni) — Tarmoq operatori tomonidan tashkil etilgan va Ishtirokchilarga +998712035555 telefon raqami orqali (sutka davomida) axborot-ma’lumotnoma xizmatini ko‘rsatuvchi «EVOS» dasturini qo‘llab-quvvatlash markazi.
2.10. Operator hamkorlari — Tarmoq operatori bilan «EVOS» dasturi doirasida bitimlar va/yoki shartnomalar tuzgan shaxslar bo‘lib, mazkur bitimlar va/yoki shartnomalar doirasida
Ishtirokchilarga ushbu shaxslarning tovarlari va/yoki xizmatlarini xarid qilishda Ballarni hisoblash/yechish, shuningdek boshqa Imtiyozlardan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.
2.11. Ishtirokchi kartasi (keyingi o‘rinlarda — Karta) — Tarmoq operatori tomonidan ilovada yoki EVOS Telegram-botida chiqarilgan, Ishtirokchining Bonus Ballari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi hamda Ishtirokchini «EVOS» dasturida, shu jumladan Ishtirokchi tomonidan amalga oshiriladigan barcha Tranzaksiyalar bo‘yicha Ballarni hisoblash/yechishda identifikatsiya qilish uchun mo‘ljallangan virtual karta. Karta Ishtirokchiga «EVOS» dasturi Qoidalariga muvofiq Tarmoq operatori va/yoki Hamkorlardan tovarlar/xizmatlar xarid qilishda Ballarni jamg‘arish va yechish, shuningdek mazkur Qoidalarga muvofiq Imtiyozlardan foydalanish imkonini beradi. Ishtirokchi kartasi ilovadagi QR-kodni o‘z ichiga oladi.
2.12. Tranzaksiyalar — Ishtirokchi tomonidan Ishtirokchi kartasidan foydalangan holda amalga oshiriladigan hamda mazkur Qoidalarga muvofiq Ishtirokchi kartasiga Ballarni hisoblash yoki Ishtirokchi kartasidan Ballarni yechish uchun asos bo‘ladigan operatsiyalar.
2.13. Bildirishnoma — Ishtirokchi tomonidan «EVOS» dasturida ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilgan bir yoki bir nechta aloqa vositasi (usuli) — mobil telefon, elektron pochta, pochta manzili yoki boshqa usullar orqali Ishtirokchiga yuboriladigan, shu jumladan reklama mazmunidagi axborot.
3. Imtiyozlar
3.1. 1 Ball 1 shartli so‘mga teng.
3.2. Ilovaning huquq egasi Tarmoq operatori hisoblanadi. Ilova yordamida Ishtirokchi ilovaning funksional imkoniyatlarida nazarda tutilgan harakatlarni, jumladan quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:
• Bonus hisobvarag‘i balansini ko‘rish;
• Tranzaksiyalarni amalga oshirishda «EVOS» restorani kassasida Virtual kartaning QR kodidan foydalanish;
• Tranzaksiyalar tarixi va tafsilotlarini ko‘rish;
• «EVOS» restoranlarida o‘tkazilayotgan aksiyalarda ishtirok etuvchi barcha tovarlarni ko‘rish;
• «EVOS» restoranlari manzillarini ko‘rish.
3.3. Ballarni hisoblash/yechish shartlari, shuningdek Ishtirokchilarga boshqa Imtiyozlarni taqdim etish shartlari Tarmoq operatori bilan Hamkorlar o‘rtasida tuziladigan tegishli bitimlar va/yoki shartnomalar asosida belgilanadi hamda ularning shartlari o‘zgartirilishi mumkin.
3.4. Hamkorlarning amaldagi ro‘yxati va Imtiyozlarni taqdim etish shartlari Tarmoq operatorining Saytida, Mobil ilovada joylashtirilgan. Imtiyozlar — Tarmoq operatori va/yoki Hamkorlardan tovarlar va/yoki xizmatlarni moliyaviy yoki nomoliyaviy manfaat asosida xarid qilish imkoniyatidir.
3.5. Imtiyozlar kechiktirilgan chegirma usulida — Dastur Qoidalariga muvofiq Tarmoq operatori va/yoki Hamkorlar va/yoki uchinchi shaxslardan tovarlar va/yoki xizmatlar xarid qilganlik uchun Ishtirokchi kartasiga Ballarni hisoblash hamda keyinchalik Ishtirokchi tomonidan jamg‘arilgan Ballarni mazkur Qoidalarga muvofiq Tarmoq operatori va/yoki Hamkorlardan tovarlar va/yoki xizmatlar xarid qilishda yechish orqali taqdim etilishi mumkin.
3.6. «EVOS» dasturining sayti (keyingi o‘rinlarda — Sayt) — quyidagi manzilda joylashgan internet-sayt: https://evos.uz
4. «EVOS» dasturida ro‘yxatdan o‘tish.
4.1. «EVOS» dasturida ishtirok etish ixtiyoriydir. Sodiqlik dasturida ro‘yxatdan o‘tish vaqtida voyaga yetgan va O‘zbekiston raqamlash tizimidagi mobil aloqa tarmog‘ining milliy telefon raqamidan foydalanadigan har qanday shaxs Ishtirokchi bo‘lishi mumkin.
4.2. Dasturda ishtirok etish uchun mazkur Qoidalarga muvofiq Kartani olish (rasmiylashtirish) va Dasturda ro‘yxatdan o‘tish zarur.
4.3. Kartani quyidagi usullardan biri orqali olish (rasmiylashtirish) mumkin: 4.3.1. 1-usul. Ishtirokchi ilovani yuklab oladi va o‘z telefon raqamini kiritadi. Ushbu raqam kiritilgandan so‘ng unga SMS orqali tasdiqlash kodi keladi. Ishtirokchi kodni kiritadi va agar u to‘g‘ri bo‘lsa, tizimda unga yangi Virtual sodiqlik kartasiga bog‘langan Akkaunt yaratiladi.
4.3.2. 2-usul. Ishtirokchi EVOS telegram-botida avtorizatsiyadan o‘tadi va o‘z telefon raqamini kiritadi. Ushbu raqam kiritilgandan so‘ng unga SMS orqali tasdiqlash kodi keladi. Ishtirokchi kodni kiritadi va agar u to‘g‘ri bo‘lsa, tizimda unga yangi Virtual sodiqlik kartasiga bog‘langan Akkaunt yaratiladi.
4.3.3. 3-usul. Ishtirokchi EVOS restoranidagi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kioskasida o‘z telefon raqamini kiritadi. Ushbu raqam kiritilgandan so‘ng unga SMS orqali tasdiqlash kodi keladi. Ishtirokchi kodni kiritadi va agar u to‘g‘ri bo‘lsa, tizimda unga yangi Virtual sodiqlik kartasiga bog‘langan Akkaunt yaratiladi.
4.3.4. 4-usul. Ishtirokchi evos.uz saytida avtorizatsiyadan o‘tishda o‘z telefon raqamini kiritadi. Ushbu raqam kiritilgandan so‘ng unga SMS orqali tasdiqlash kodi keladi. Ishtirokchi kodni kiritadi va agar u to‘g‘ri bo‘lsa, tizimda unga yangi Virtual sodiqlik kartasiga bog‘langan Akkaunt yaratiladi.
4.4. Dasturda 4.3-bandga muvofiq ro‘yxatdan o‘tishda Mijoz/Ishtirokchi Tarmoq operatoridan mazkur Qoidalarda nazarda tutilgan Bildirishnomalarni olishga roziligini bildirishi mumkin. Tarmoq operatoridan Bildirishnomalarni olishga rozilik Mijoz/Ishtirokchi tomonidan Dasturda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida quyidagi usullar bilan bildiriladi: Saytdagi Akkaunt, telegram-bot, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kioski yoki «EVOS» Mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tishda SMSdagi avtorizatsiya kodini kiritish yo‘li bilan; Ishonch telefoni orqali ro‘yxatdan o‘tishda Ishonch telefoni operatorining tegishli savoliga og‘zaki rozilik bildirish yo‘li bilan;
4.5. Qoidalarda nazarda tutilgan Tarmoq operatoridan Bildirishnomalarni olishga rozilik Ishtirokchi tomonidan Dasturda ro‘yxatdan o‘tgandan keyin istalgan vaqtda Saytdagi Akkauntda yoki «EVOS» Mobil ilovasida tegishli belgini qo‘yish orqali bildirilishi mumkin. Ishtirokchi istalgan vaqtda quyidagi usullardan biri bilan Bildirishnomalarni olishdan voz kechishga haqli:
• Saytdagi Akkauntda yoki «EVOS» Mobil ilovasida;
• Ishonch telefoniga murojaat qilish orqali.
4.6. Virtual karta mazkur Qoidalarga muvofiq «EVOS» dasturi amal qilishi tugatiladigan sanagacha amal qiladi.
4.7. Ilova va Akkauntga kirish faqat Ishtirokchi O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lganida mumkin.
5. Shaxsga doir ma’lumotlar
5.1. Ishtirokchi O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga rozilik beradi. 5.2. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ularni yig‘ish, tizimlashtirish, to‘plash, saqlash, aniqlashtirish, yangilash, o‘zgartirish, foydalanish, uzatish, bloklash, yo‘q qilish,
shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni o‘z ichiga oladi.
5.3. Operator Xaridorning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiyligini ta’minlash hamda ularni noqonuniy kirishdan, nusxa ko‘chirishdan, tarqatishdan va boshqa g‘ayriqonuniy harakatlardan himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.
5.4. Ishtirokchi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda va tartibda o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari haqida axborot so‘rash, ularni aniqlashtirish, o‘zgartirish yoki o‘chirishni talab qilish huquqiga ega bo‘lib, buning uchun Sotuvchiga telefon orqali yoki EVOS®ning boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali murojaat qilishi mumkin.
5.5. O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlari O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlanadi.
5.6. Reklama xabarlari faqat alohida rozilik mavjud bo‘lganda yuboriladi. Ishtirokchi istalgan vaqtda ularni olishdan voz kechishi mumkin.
5.7. Ishtirokchi Akkauntni yopish va o‘z ma’lumotlarini o‘chirishni talab qilish huquqiga ega. Bunda foydalanilmagan Ballar bekor qilinadi.
6. Ballarni hisoblash.
6.1. Ballar Tarmoq operatoridan (shu jumladan ilovada buyurtma berishda) va/yoki Hamkorlardan Ilovadan foydalangan holda Dastur Qoidalariga muvofiq tovarlar xarid qilinganda, shuningdek Ishtirokchilar Tarmoq operatori tomonidan mustaqil ravishda yoki Hamkor bilan kelishilgan holda belgilangan, Ballarni hisoblash uchun asos bo‘ladigan boshqa shartlarni bajarganda Ishtirokchi kartasiga hisoblanadi.
6.2. Ballar Tarmoq operatori yoki Hamkordan xarid qilinadigan tovarlar uchun har qanday to‘lov usulida: naqd pul, bank kartasi va boshqa usullar bilan «EVOS» restoranlarida ilova orqali Virtual kartadan foydalangan holda to‘lov amalga oshirilganda hisoblanadi.
6.3. Ballar pul mablag‘lari bilan amalda to‘langan summa uchun hisoblanadi va yetkazib berish servislarining xizmatlari uchun hisoblanmaydi.
6.4. Dastur Qoidalariga muvofiq Tarmoq operatori o‘tkazadigan Aksiyalar doirasida Ishtirokchi kartasiga qo‘shimcha Ballar hisoblanishi mumkin. Tarmoq operatori mustaqil ravishda yoki Hamkorlar bilan kelishilgan holda Aksiya shartlarini, shu jumladan tovarlar/xizmatlar ro‘yxati va o‘tkazilayotgan Aksiya shartlariga muvofiq Ishtirokchi kartasiga hisoblanadigan qo‘shimcha Ballar miqdorini belgilaydi. Qo‘shimcha Ballar hisoblanishini nazarda tutuvchi Aksiyalar va ularni o‘tkazish qoidalari haqida Tarmoq operatori tegishli axborotni Saytda joylashtirish va/yoki Aksiyada ishtirok etayotgan mijozlarga SMS va/yoki mobil Push-xabarlar yuborish orqali Ishtirokchilarni xabardor qiladi, shuningdek
Ishtirokchilarni boshqa usullar bilan qo‘shimcha ravishda xabardor qilishga haqli. Qo‘shimcha Ballar Qoidalarning 5.7-bandida nazarda tutilgan standart Ballar miqdoridan tashqari hisoblanadi.
6.5. Ballarni hisoblash uchun Ishtirokchi «EVOS» restoranida tovarlar xarid qilayotganda, shuningdek Hamkordan tovarlar va/yoki xizmatlar xarid qilayotganda xarid uchun to‘lov amalga oshirilishidan (kassa cheki yopilishidan) oldin Kartani taqdim etishi zarur.
6.6. Operator mustaqil ravishda yoki Hamkorlar bilan birgalikda «EVOS» restoranlarida, Hamkorlardan, shuningdek Hamkor hisoblanmaydigan uchinchi shaxslardan «EVOS» kartasidan yoki Virtual kartadan foydalangan holda xarid qilingan tovarlar va/yoki xizmatlar uchun Ballar/qo‘shimcha Ballarni hisoblash qoidalarini shakllantiradi.
6.7. «EVOS» restoranlarida tovarlar xarid qilinganda Ballarni hisoblash qoidalari va tartibi:
— bazaviy hisoblash: chekda ko‘rsatilgan har qanday xarid summasining 5 (besh) foizi; — Operator tomonidan o‘tkaziladigan Aksiyalarda ishtirok etganlik uchun, shuningdek Ishtirokchilarga yo‘naltirilgan shaxsiy takliflar doirasida qo‘shimcha Ballar hisoblanadi, ularning miqdori va hisoblash tartibi alohida belgilanadi;
— Ballar bir sutkadagi dastlabki uchta chek uchun hisoblanadi, sutka har kuni soat 0:00 dan hisoblanadi;
6.8. Operatorning Ishtirokchi kartasiga Ballarni hisoblash majburiyatini tasdiqlovchi hujjat xarid amalga oshirilganini tasdiqlovchi kassa cheki, shu jumladan fiskal bo‘lmagan hisobot bo‘lib, unda xarid sanasi, summasi, amalga oshirilgan joyi va Karta raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Ballar hisoblanmaganligi/noto‘g‘ri miqdorda hisoblanganligi bo‘yicha Tarmoq operatoriga murojaatlar yuqorida ko‘rsatilgan chek taqdim etilganda ko‘rib chiqiladi.
6.9. Ishtirokchi chegirma olish uchun Ballardan foydalangan (ularni yechgan) holda tovarlar/xizmatlar xarid qilganda, mazkur Qoidalarga muvofiq Ballar xaridning faqat pul mablag‘lari (naqd pul yoki bank kartasi) bilan to‘langan qismiga hisoblanadi.
6.10. Ishtirokchiga «EVOS» dasturidagi ishtiroki munosabati bilan taqdim etilgan Ballar va huquqlar mazkur Qoidalarga muvofiq foydalanishdan boshqa tarzda sotilishi, berilishi, boshqa shaxsga o‘tkazilishi yoki foydalanilishi mumkin emas. Ballar naqd pul shakliga va pul qiymatiga ega emas.
6.11. Ballarni hisoblash muddati:
• «EVOS» restoranlarida Karta taqdim etilgan holda xaridlar amalga oshirilganda Ballar bunday xaridlar amalga oshirilgan sanada hisoblanadi.
• Hamkorlardan, shuningdek Dastur Qoidalarida shunday shartlar nazarda tutilgan taqdirda Hamkor hisoblanmaydigan boshqa shaxslardan tovarlar va/yoki xizmatlar xarid qilinganda Ballar Tarmoq operatori tomonidan belgilangan yoki Tarmoq operatori va Hamkorlar o‘rtasida kelishilgan muddatlarda hisoblanadi. Ishtirokchilar tomonidan Hamkorlardan, shuningdek Qoidalarda nazarda tutilgan taqdirda Hamkor hisoblanmaydigan boshqa shaxslardan amalga oshirilgan xaridlar uchun Ballarni hisoblash muddatlari haqidagi to‘liq axborot Tarmoq operatorining Saytida keltiriladi.
7. Ballarni yechish.
7.1. Ishtirokchi tovarlar va/yoki xizmatlar xarid qilganda yoki boshqa Imtiyozlarni olayotganda Ballarni yechish Tarmoq operatori yoki Hamkorda Karta yoki ilova orqali virtual karta taqdim etilganda mumkin, bunda Mijoz Ishtirokchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va mazkur Qoidalarga muvofiq Kartani ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lishi kerak.
7.2. Ishtirokchi «EVOS» restorani kassiriga yoki Hamkorga hisoblangan Ballardan foydalanish istagi va tovar va/yoki xizmat xarid qilayotganda yechmoqchi bo‘lgan Ballar miqdori haqida kassa cheki yopilishidan oldin ma’lum qilishi zarur, bunda oldinroq hisoblangan Ballar birinchi navbatda yechiladi.
7.3. Ishtirokchi «EVOS» restoranlarida va/yoki Hamkorlardan tovarlar/xizmatlar xarid qilishda Ballardan foydalanishi mumkin (agar bunday yechish Tarmoq operatori va Hamkor o‘rtasida tuzilgan tegishli bitimda nazarda tutilgan bo‘lsa). Ishtirokchi tovarlar/xizmatlar xaridi uchun Ballardan foydalanganda, Ishtirokchi yechish uchun bildirgan tegishli Ballar summasi tegishli xarid amalga oshirilgan sanada Ishtirokchi kartasidan avtomatik ravishda yechiladi.
7.4. Ishtirokchi Tarmoq operatoridan (shu jumladan ilovada buyurtma berishda) va Hamkorlardan tovarlar xarid qilganda Ballarni yechish bunday xaridlar qiymatining 20% (yigirma foizi)gacha, yechish bo‘yicha cheklovlar, shuningdek mazkur Qoidalar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan cheklovlar hisobga olingan holda mumkin.
7.5. Ballarni kombo-to‘plamlar, aksiyada ishtirok etayotgan tovarlar va chegirma promokodi qo‘llanilgan tovarlar uchun yechish mumkin emas;
7.6. Ballar yechilganda chegirma chekdagi barcha tovarlarga bir xil nisbatda taqsimlanadi (Ballarni yechish bo‘yicha cheklovlar nazarda tutilgan tovarlar bundan mustasno).
7.7. Ballarning amal qilish muddati 180 (bir yuz sakson) kalendar kunni tashkil etadi. Mazkur bandda ko‘rsatilgan muddat, agar mazkur Qoidalarga ko‘ra boshqacha tartib nazarda
tutilmagan bo‘lsa, Ballar hisoblangan sanadan boshlab hisoblanadi. Ko‘rsatilgan muddat tugagach, foydalanilmagan Ballar ularni tiklash imkoniyatisiz Ishtirokchining Bonus hisobvarag‘idan avtomatik ravishda yechiladi.
8. Karta yordamida xarid qilingan tovarlarni qaytarish.
8.1. EVOS Virtual kartasidan foydalangan holda xarid qilingan tovarlarni almashtirish va qaytarish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
8.2. Ishtirokchi Tarmoq operatoriga va/yoki Hamkorga, shuningdek Hamkor hisoblanmaydigan uchinchi shaxslarga tovarni qaytarganda/xizmatdan voz kechganda bunday xaridlar uchun Bonus Ballari Ishtirokchiga hisoblanmaydi, agar hisoblangan bo‘lsa, ular Ishtirokchi kartasidan bekor qilinadi (yechiladi).
9. Boshqa shartlar
9.1. Ishtirokchi Dasturda ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatgan shaxsga doir ma’lumotlarining to‘g‘riligi va ishonchliligi uchun javobgar bo‘ladi. Dasturda ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgarganda Ishtirokchi bu haqda Ishonch telefoni orqali murojaat qilish yoki ilovadagi ma’lumotlarni o‘zgartirish orqali Tarmoq operatorini darhol xabardor qilishi shart. Anketada ko‘rsatilgan Ishtirokchining shaxsga doir ma’lumotlari o‘zgarganligi haqida Tarmoq operatori xabardor qilinmaganligi bilan bog‘liq salbiy oqibatlar to‘liq Ishtirokchi zimmasida bo‘ladi. Tarmoq operatori Ishtirokchining aybi bilan, shu jumladan Anketada ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgarganligi haqida Tarmoq operatori xabardor qilinmaganligi oqibatida mazkur Qoidalarda nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.
9.2. «EVOS» dasturi Qoidalari Tarmoq operatori tomonidan istalgan vaqtda bir tomonlama tartibda, o‘zgartirishlarni Saytda majburiy e’lon qilgan holda o‘zgartirilishi mumkin. Tarmoq operatori Ishtirokchilarni mazkur Qoidalardagi o‘zgartirishlar haqida telefon qo‘ng‘irog‘i va/yoki elektron xabar, elektron xat yuborish yoxud Dastur Qoidalarida nazarda tutilgan boshqa usul orqali qo‘shimcha ravishda xabardor qilishga ham haqli.
9.3. Uchinchi shaxslarning EVOS Virtual kartasiga ruxsatsiz kirishi uchun javobgarlik Ishtirokchi zimmasida bo‘ladi. Tarmoq operatori Ishtirokchi kartasidan uchinchi shaxslar tomonidan ruxsatsiz foydalanilganligi uchun javobgar emas.
9.4. Tarmoq operatori istalgan vaqtda bir tomonlama tartibda, oldindan ogohlantirmasdan, har qanday sababga ko‘ra, shu jumladan, biroq quyidagilar bilan
cheklanmagan holda, istalgan Ishtirokchining «EVOS» dasturidagi ishtirokini tugatishga haqli, agar Ishtirokchi:
• mazkur Qoidalarga rioya etmasa;
• «EVOS» dasturi doirasida Ishtirokchiga taqdim etiladigan biror-bir Imtiyozdan suiiste’mol qilsa;
• Kartadan uchinchi shaxslar bilan birgalikda foydalansa;
• Tarmoq operatori yoki Hamkorlarni chalg‘ituvchi noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki axborotni taqdim etsa;
• Kartani olingan paytdan boshlab 2 (ikki) yil davomida Qoidalarga muvofiq ishlatmasa. 9.5. Ishtirokchi istalgan vaqtda Tarmoq operatoriga ishtirokni tugatish to‘g‘risida yozma bildirishnoma yuborish orqali «EVOS» dasturidagi ishtirokini tugatishga haqli. Tegishli Ishtirokchining Dasturdagi ishtiroki Tarmoq operatori Ishtirokchining bildirishnomasini olgan paytdan boshlab tugatilgan hisoblanadi.
9.6. Ishtirokchi ilovada, shuningdek cheklarda ko‘rsatilgan Ishtirokchi kartasi haqidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda kuzatib borish majburiyatini oladi. Agar Ishtirokchi ma’lumotlarda nomuvofiqlikni aniqlasa, bu haqda nomuvofiqlik aniqlangandan keyin 24 (yigirma to‘rt) soat ichida «EVOS» Ishonch telefoniga xabar berishi zarur.
9.7. Tegishli Ishtirokchining «EVOS» dasturidagi ishtiroki mazkur Qoidalarning 8.4 va 8.5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha tugatilgan hollarda Tarmoq operatori Ishtirokchi ma’lumotlarini «EVOS» dasturining axborot tizimidan o‘chiradi, bunda avval jamg‘arilgan Ballar bekor qilinadi. Ishtirokchining Dasturdagi ishtiroki tugatilgan paytdan boshlab Karta amal qilishi to‘xtatiladi (Karta bloklanadi), undagi Ballar esa avtomatik ravishda yechiladi (nolga tushiriladi). Bunda Ishtirokchi Tarmoq operatoridan yechilgan (nolga tushirilgan) Ballar uchun, shu jumladan pul shaklida, biror-bir kompensatsiya talab qilishga haqli emas.
9.8. Tarmoq operatori Dastur amal qilishini istalgan vaqtda bir tomonlama tartibda, Dastur amal qilishi to‘xtatib turiladigan yoki tugatiladigan sanadan kamida 7 (yetti) kalendar kun oldin Ishtirokchilarni mavjud har qanday usulda xabardor qilgan holda to‘xtatib turishga yoki tugatishga haqli. Dastur amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan taqdirda Tarmoq operatori Ishtirokchilarga Dastur amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan paytda Ishtirokchilar kartasida mavjud bo‘lgan Bonus Ballari qoldig‘ini kompensatsiya qilmaydi. Ishtirokchilar Tarmoq operatoridan Ballar uchun, shu jumladan pul shaklida, biror-bir kompensatsiya talab qilishga haqli emas.
9.9. Hamkorlar, shu jumladan Hamkor banklar Tarmoq operatori nomidan bayonot berish yoki kafolatlar taqdim etishga vakolatli emas. Tarmoq operatori bunday bayonotlar va kafolatlar uchun javobgar emas.
9.10. Tarmoq operatori tomonidan o‘tkaziladigan aksiyalar qoidalari bilan Saytning maxsus bo‘limlarida tanishish mumkin.
10. «EVOS» dasturi bo‘yicha nizolarni hal etish
10.1. «EVOS» dasturida ishtirok etish doirasida Tarmoq operatori va Ishtirokchi o‘rtasidagi barcha nizolar nizo yuzaga kelgan paytdan boshlab 10 kalendar kun ichida muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan hal etiladi.
10.2. Tarmoq operatori va Ishtirokchi o‘rtasida yuzaga kelgan nizoni muzokaralar jarayonida hal etish imkoni bo‘lmasa, u O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda hal etiladi.